O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishdi Joriy yilning 24 aprelь kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari — Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiev raisligida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitasiya va demarkasiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Hukumatlari delegasiyalarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida “Chashma” bulog‘ini Qirg‘iz Respublikasi hududida qoldirgan holda o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi loyiha chizig‘i o‘tishining tavsifi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi Bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi. Tomonlar “Chashma” bulog‘i O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi xalqarining umumiy boyligi ekanini alohida ta‘kidladi. Qirg‘iz tomoni O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqda shakllanadigan suv hajmining uchdan ikki qismidan foydalanishini ta‘minlashi hamda manba suv resurslarining hajmi va sifatiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday hatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi. Tomonlar qisqa muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida Bitim hamda O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Davlat chegarasi uchastkasi to‘g‘risida Shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi. Muzokaralar davomida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi orqali ayrim o‘tkazish punktlarining holati va ish tartibi bo‘yicha umumiy pozisiyalar ham muhokama qilindi. O‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi orqali fuqarolarning o‘zaro qatnovlari va yuk tashishlarini sezilarli darajada engillashtirishga yordam berayotgan o‘tkazish punktlari bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan o‘tkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi. Ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004 yildagi O‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etildi. Uchrashuv har doimgidek konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.