Shrift o'lchami Rang Rasm

<< May 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
  12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031  

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 20 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Xususiy sektorda ishlovchi xodimlar homiladorlik va tu’gish ta’tilini qanday qilib olishi mumkin?

×

 2022-08-30 15:09:37    299

PDF yuklash
Chop etish


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022- yil 25- iyuldagi PF-175- sonli «O’zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi to’g’risida”gi farmoniga asosan 2022- yil 1- sentyabrdan boshlab xususiy sektorlarda ishlovchi xodimlar ham homiladorlik va tug’ish nafaqasini olishlari mumkin bo’ldi.

1. Davlat to‘lab beradigan homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kimga murojaat qilish kerak?

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan belgilab berilgan homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibini belgilash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan tegishli loyiha ishlab chiqilgan.

Loyihaga asosan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi murojaat talabisiz tayinlanishi ko‘zda tutilgan. Ayolga tibbiy tashkilot (oilaviy polikninika, tug‘ruq muassasasi, qishloq vrachlik punkti) tomonidan homiladorlik va tug‘ish mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilganidan so‘ng, tibbiy tashkilotning mas’ul xodimi ushbu varaqani “Ijtimoiy himoya yagona reestri”da elektron ro‘yxatdan o‘tkazadi.

“Ijtimoiy himoya yagona reestri” esa “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan axborot almashuvini qo‘llab, ayolning bandligi va ish stajini avtomatik ravishda aniqlaydi va mezonlarga javob bersa, nafaqani tayinlaydi.

Bundan keyin, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” avtomatik ravishda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ayolga tayinlanganligi haqida telefoniga SMS yuboradi. Ya’ni, fuqaro homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lovi uchun hech qayerga murojaat qilmaydi va tibbiyot tashkiloti tomonidan mehnatga layoqatsizlik varaqasini axborot tizimiga to‘g‘ri kiritishining o‘zi kifoya qiladi.

2. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab berish qanday amalga oshiriladi? 

Loyihaga asosan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ayolning nomiga ochilgan aktiv plastik kartasi mavjud bo‘lsa, nafaqa homiladorlik va tug‘ish mehnatga layoqatsizlik varaqasi berilgan oydan keyingi oyning 10- sanasigacha o‘sha kartaga to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Agar ayolning nomida ochilgan plastik kartasi mavjud bo‘lmasa, SMSda AT “Xalq banki”ning filialiga murojaat etishi ko‘rsatiladi va homiladorlik va tug‘ish nafaqasi naqd ko‘rinishda to‘lab beriladi.

3. Umumiy nafaqaning necha foizini davlat qoplab beradi?

Nafaqaning davlat tomonidan to‘lab beriladigan qismi minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib 2 mln. so‘m miqdorida 4 oy uchun bir yo‘la to‘lanadi. Ish beruvchi esa nafaqaning Mehnat kodeksiga muvofiq qolgan qismini to‘lab beradi.

Mehnat kodeksining 286- moddasiga asosan  to‘liq ish haqi miqdorida to‘lanadi. Ya’ni, ish beruvchi to‘lab beradigan nafaqa qismi ayolning ish haqidan kelib chiqib o‘zgaradi.

Misol uchun: ayolning o‘rtacha oylik ish haqi 1 200 000 so‘m bo‘lishi mumkin. Bunda, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan unga 4 oy homiladorlik tufayli mehnatga layoqatsizlik davriga jami 2 000 000 so‘m nafaqa to‘lab beriladi. Mehnat kodeksiga asosan bu ayol jami 4 800 000 so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olishi kerak. Aynan bu holatda, ish beruvchi unga 2 800 000 so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab beradi. Natijada, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan qoplab berilgan nafaqa ulushi 42 foizni tashkil qiladi.

4. Agar ayolga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali ijtimoiy nafaqa to‘lanayotgan bo‘lsa, shu davrda u homiladorlik va tug‘ish nafaqasini ham olsa bo‘ladimi?

Homiladorlik va tug‘ish nafaqalari byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda mehnat shartnomasi asosida oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha homiladorlik va tug‘ish nafaqalari tayinlash va to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Bunda, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan yoki kiritilmaganlik haqidagi alohida mezon mavjud emas.

5. Yuridik shaxslarga kimlar kiradi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 39- moddasiga muvofiq, ixtiyorida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega bo‘lishlari kerak.

6. Yakka tartibdagi tartibkor ayolga ham mazkur Farmon bilan homiladorlik va tug‘ish nafaqa pullari to‘lab beriladimi?

O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 31- moddasida esa, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy shaxs yakka tartibdagi tadbirkor hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, ta’kidlash mumkinki, yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’ektlari yuridik shaxs hisoblanmasligi sababli, birinchi bosqichda homiladorlik va tug‘ish nafaqasi ushbu toifadagi tadbirkorlik sub’ektlarida xizmat qiluvchi xotin-qizlarga qo‘llanilmaydi.

Keyinchalik, ijtimoiy sug‘urta tizimini rivojlantirib borish jarayonida yakka tartibdagi tartibkor ayollarga ham homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab berish tartibi ko‘rib chiqiladi.

7. Strategiya doirasida milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 183- sonli Konvensiyasiga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Ushbu Konvensiyaning mazmuni va mohiyati quyidagilar:

Xalqaro mehnat tashkilotining 183- sonli Konvensiyasi homiladorlik va tug‘ish ta’tili va nafaqalarini to‘lab berishga oid normalarni belgilab bergan.

Shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasida homiladorlik va tug‘ish ta’tili va nafaqasiga oid qonunchilik Konvensiyaning ko‘pgina normalariga muvofiq. Misol uchun, Konvensiyaaga asosan homiladorlik va tug‘ish ta’tili 14 xafta bo‘lishi tavsiya etiladi, O‘zbekiston Respublikasida esa bu muddat 18 xafta deb belgilangan. Og‘ir tug‘ruq yoki ikkita va undan ko‘p bola tug‘ilgan hollarda ushbu ta’til muddati yanayam uzaytiriladi. Ushbu konvensiyaga asosan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori ayolning ish haqining 66,66 foizini tashkil qilishi talab qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksiga asosan esa homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori ayolning to‘liq ish haqiga teng bo‘lishi belgilangan.

Faqatgina, Konvensiyada homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lab berishni ish beruvchi zimmasiga yuklash tavsiya etilmasligi belgilangan bo‘lsa, amaldagi tartibga asosan O‘zbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlarida nafaqa byudjet mablag‘alaridan to‘lanadi, xususiy sektorda esa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Aynan, shu kamchilikni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqchi joriy etish va rivojlantirishga oid choralar Farmonda belgilab berilgan.

8. Agarda nafaqa berilmasa kimga va qay tarzda murojaat qilish kerak?

Loyiha qabul qilinganidan so‘ng homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha savollar bilan (71) 239-12-31, (71) 239-19-46, (71) 239-11-44 raqamlariga murojaat qilish mumkin.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini tayinlash hamda to‘lash bo‘yicha Pensiya jamg‘armasiga hech qanday vakolat berilmagan. Shu sababli, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi deganda Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlaridagi yoki boshqarmalaridagi mavjud bo’limlar tushunilmasligi lozim.

Ushbu masala bo‘yicha Moliya boshqarmalarida va Moliya vazirligida alohida bo‘linma tashkil etilgan.

Faxriddin MO‘SINJONOV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi

Bag‘dod tumani bo‘limi sho‘ba mudiri.