Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 35 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

 HOKIM  VA YOSHLAR UCHRASHUVIGA VILOYAT FAOLLARI   KELISHDI...  

×

 2020-01-07 12:09:25    1156

PDF yuklash
Chop etish


 

Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 27 dekabr kuni Toshkent shahrida yoshlar bilan  o’tkazgan uchrashuvida bildirilgan mulohazalar  bugun barchaning diqqat markazida bo’lib turibdi.  Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyevning bu galgi  yoshlar bilan uchrashuviga nafaqat Dang’ara tuman mutasaddi idoralar rahbarlari  balki viloyatimizning barcha bo’lim va boshqarmalari, huquq tartibot idoralari rahbarlaridan tortib xalq shoirlari, jahon chempionlari, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, davlat mukofoti sovrindorlari,  ko’pni ko’rgan nuroniylar ham kelib qo’shildilar. To’g’rida hamjihatlik, birdamlik  bor joyda fayz bo’ladi, yangi-yangi rejalar va ezgu niyatlarga yo’l ochiladi.

     -Hech kimga sir emas Dang’ara tumani azaldan Farg’onaning oltin darvozasi hisoblangan. Bu yerda tug’ilib voyaga yetayotgan yoshlar ham jamiyatimizning oltin zahirasi, har tamonlama yetuk insonlar bo’lib kamolga yetishishlariga ishonaman,-dedi viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev.-Bugungi uchrashuv dildan suhbat, yuzma-yuz muloqot, har bir bildirilgan fikr va takliflar sizning ertangi kuningizga qo’yilgan poydevor bo’lishi zarur.

      Bunday samimiyat  dang’aralik yoshlarni ruhlantirib yubordi. Shu o’rinda aytish kerakki, 2019 yil yakunlari sarhisobiga ko’ra Dang’ara tumani “Viloyatdagi eng namunali tuman”deb e'tirof etilgan.

-Men tadbirkorlik bilan shug’ullanaman. Lekin shunga qaramay menda chorvachilikka ham qiziqish paydo bo’ldi. Shu yo’nalish bo’yicha imtiyozli kredit ajratib berilsa,-deydi Ikrom Abdullayev. Yosh tadbirkorning so’rovi o’z o’rnida yechimini topdi. Unga Agrobank tomonidan 50 mln. so’m imtiyozli kredit ajratiladigan bo’ldi.

-Tuman hokimligi qoshida yoshlarning innovatsion g’oya va takliflarini va muammolarini doimiy moddiy- ma'naviy qo’llab-quvvatlash uchun maxsus jamg’arma tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo’lardi,-dedi yoshlar yetakchisi Mahliyo Xudoyberdiyeva. Viloyat va tuman hokimligi bu tashabbusni qo’llab quvvatladilar.

-Bu jamg’armaga viloyat byudjetidan 4 mlrd va tuman byudjetidan 1 mlrd so’m ajratiladi,-dedi Shuhrat G’aniyev.

Uchrashuv chog’ida tumandagi Katta Boybucha MFY joylashgan ta'mirtalab madaniyat markazi binosida kinoteatr tashkil etish taklifi bildirildi. Tadbirkor Shukurjon Xolmirzayev loyihasi qo’llab quvvatlandi.

Tuman yoshlari tomonidan bildirilgan qaysi yo’nalishdagi taklif va muammolar  bo’lmasin, barchasiga chora va tadbirlar belgilandi, moliyaviy manbaasi va mas'ul shaxslar belgilandi.

Uchrashuv so’nggida Qo’qon pedagogika instituti dekani  Zeboxon Qobulova hamda Yoshlar Ittifoqi tuman kengashi raisi Shaxnozaxon O’rinovalar samimiy so’zlar, amaliy natijalar uchun O’zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdilar va yangi chop etilgan “Dang’ara: Istiqloldan-istiqbolgacha” deb nomlangan kitobni viloyat hokimiga tuhfa etishdi.

Viloyat hokimi, viloyat faollari va faxriylarining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi Furqat tumanida davom etdi.

Dastlab tumanning tadbirkor va hunarmand yoshlari amalga oshirilayotgan ishlarni o’zida aks ettirgan ko’rgazmalarni namoyish etishdi.

Viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev Furqat tumani yoshlari bilan uchrashuvni mamlakatimiz Prezidenti tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar bilan boshladi.

-Darhaqiqat yoshlar bilan uchrashuv juda zarur masala.  Chunki ertangi kelajak  ularning qo’lida. Shuning uchun ham ularga  e'tibor va g’amxo’rlik ko’rsatishimiz kerak, -dedi viloyat hokimi. Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yoshlar masalasida ilgari surilayotgan maqsad ana shundan iborat.

Ma'lumki, professional boksda dastlabki kamarni qo’lga kiritgan Bektemir Meliqo’ziyev navbatdagi himoya jangini o’tkazishga yo’l olayotgan edi. Uchrashuv ishtirokchilari bu jangda unga g’alaba tilab duo qildilar.

Yangi yilning birinchi kunlaridanoq asosiy e'tiborni yoshlarga qaratilishi bu xalqimizning azaldan farzand tarbiyasi va kelajagi uchun doim e'tiborli bo’lib kelganidan darak beradi. Bugungi yoshlarimizda tashabbuskorlik va shijoatni ko’rib quvonasan kishi.

Yosh tadbirkor Sh.Ro’zmatov o’z mablag’i hisobiga tuman markazida yoshlar uchun “eko park”  tashkil etish uchun yer ajratib berishga ruxsat so’rab  murojaat qildi.  Tuman yoshlarining bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishi uchun  sharoit, qo’shimcha ish o’rinlari yarataman degan tadbirkorni barcha  olqishladi va qullab-quvvatladi.

Furqatliklarning faxru iftixori bo’lgan chempion bokschi Bektemir Meliqo’ziyev ham yangi tashabbus bilan chiqdi.

-Tumanimizda respublika miqyosida Boks maktabini tashkil etishni xohlayman. Imkoniyat bo’lsa  tuman Agrosanoat kasb-hunar kollejining bo’sh turgn qismidan joy ajratilsa. Mamlakatimiz bo’yicha yagona bo’lgan tajriba boks maktabini yaratmoqchiman,- dedi Bektemir Meliqo’ziyev.  

- Tumanimizda usta Yusufjon naqqosh maktabini kengaytirish uchun yer maydoni ajratilsa 1000 dan ortiq yoshlarni ish bilan band qilish imkoniyati va salohiyatiga ega bo’lamiz, -dedi Xamidillo Muxammadaliyev.- Bu borada ko’p yillik mehnat tajribasiga ega bo’lgan usta naqqoshlar maktabi bor.

Uchrashuvda shuningdek, tuman yoshlari tomonidan yoshlar uyi, sport inshootlari  qurilishi, imtiyozli kreditlar olish, yosh ijodkorlarning kitoblarini nashrdan chiqarish kabi masalalar bo’yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

-Bugungi uchrashuv yoshlarga bo’lgan ishonch va muhabbat davlat va hukumat tomonidan cheksiz ekanidan dalolatdir,-deydi “Nuroniy” jamg’armasi viloyat bo’limi rahbari Topvoldi Xoldorov.- Lekin, aziz yoshlarimiz qars ikki qo’ldan chiqishini hech qachon yoddan chiqarmanglar, doimo inson insondan yaxshilik, ezgulik axtarib, o’rganib yashasa juda katta yutuqlar egasi bo’ladi.

Ha, viloyat yoshlari bilan uchrashuvlar ana shunday ulkan rejalar va ezgu niyatlar bilan  davom etmoqda.    

                

     Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati