Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
FARG’ONA VILOYAT KENGASHINING BIRINCHI SESSIYASI BO’LIB O’TDI
2020-01-13 21:35:18 1439
Bugun 2020 yil 13 yanvar kuni oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashining birinchi sessiyasi bo’lib o’tdi. Unga 57-Hamid Olimjon saylov okrugidan saylangan deputat Topivoldi Xoldorov raislik qildi.
Sessiya ishida viloyat Kengashi deputatlari, viloyat hokimining o’rinbosarlari, viloyat hokimligining boshqarma va bo’limlari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdilar.
Shuningdek, sessiyada O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili, Bosh vazir birinchi o’rinbosari Achilbay Ramatov ishtirok etdi.
Deputat S.Islomov sessiya kotibi etib saylandi.
Sessiya kun tartibiga oltita masala kiritildi.
1. Viloyat saylov komissiyasi raisining axboroti.
2. Xalq deputatlari Farg’ona viloyat Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to’g’risidagi Nizomni tasdiqlash to’g’risida
3.Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini ro’yxatga olish.
4. Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashining doimiy komissiyalarini tuzish.
5. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farg’ona viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash.
6. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari Qo’shma majlisi Maslahat Kengashi a'zoligiga nomzodni tavsiya etish haqida.
Kun tartibidagi birinchi masala, VI-chaqiriq Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashiga o’tkazilgan saylov natijalari haqida axborot berish uchun so’z viloyat saylov komissiyasi raisi Erkin Nuraliyev so’z oldi. U saylov O’zbekiston qonunchiligi asosida bo’lib o’tganini va 60 nafar saylangan deputat maqomini tasdiqladi.
Kun tartibining ikkinchi masalasi yuzasidan sessiya kotibi S.Islomovga so’z berildi.
Shundan so’ng Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashining Reglamenti va doimiy komissiyalar to’g’risidagi Nizomi haqidagi qaror tasdiqlandi.
Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning quyidagi partiya guruhlari:
- Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal demokratik partiyasidan saylangan 23 nafar deputatdan iborat partiya guruhi;
- O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan saylangan
7 nafar deputatdan iborat partiya guruhi
- O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan 13 nafar deputatdan iborat partiya guruhi;
- O’zbekiston Halq demokratik partiyasidan saylangan 11 nafar deputatdan iborat partiya guruhi;
-O’zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan 6 nafar deputatdan iborat partiya guruhi ro’yxatga olindi.
Kun tartibining navbatdagi masalasi muxokama qilingach O’zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashining quyidagi tarkibda 7 ta doimiy komissiyasi tuzildi:
1) Mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo’yicha;
2) Qonuniylikni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo’yicha;
3) Ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo’yicha;
4) Sanoat, transport, qurilish, kommunal xo’jaligi masalalari va aholiga xizmat ko’rsatish bo’yicha;
5) Agrar, suv xo’jaligi masalalari va ekologiya bo’yicha;
6) Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda ishlash masalalari bo’yicha;
7) Reglament va deputatlik odobi masalalari bo’yicha.
Komissiyalar raisi etib, 48-Qumariq saylov okrugidan deputat Kamalov Rahmatullo,
31-Quva saylov okrugidan saylangan deputat Salimova Manzura,
42-M.Topivoldiyev saylov okrugidan saylangan deputat Zoxidov Zokirjon,
32-T.Qodirov saylov okrugidan saylangan deputat Sayfitdinova Masturaxon,
16-Nodirabegim saylov okrugidan saylangan deputat Ermatov Shavkat,
57-Xamid Olimjon saylov okrugidan saylangan deputat Xoldarov Topiboldining nomzodlari tasdiqlandi
Shundan so’ng sessiya ishida tanaffus e'lon qilindi va unda O’zbekiston Respublikasining “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to’g’risida”gi hamda «Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida»gi Qonunlariga va tasdiqlangan Reglamentga ko’ra O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farg’ona viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash to’g’risidagi masala yuzasidan siyosiy partiyalar guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o’tkazildi.
Kun tartibidagi tashkiliy masala – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farg’ona viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining vakili, Bosh vazir birinchi o’rinbosari Achilbay Ramatov so’zga chiqdi.
A.Ramatov O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Farg’ona viloyati hokimi lavozimiga 2-Mirzo Ulug’bek saylov okrugidan saylangan deputat Shuxrat Madaminovich G’aniyevning nomzodini Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida tasdiqlash to’g’risida Taqdimnoma kiritilganligini bildirdi va uni o’qib eshittirdi.
Ushbu taqdimnoma muhokamasida tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi guruhi nomidan Raxmatullo Kamolov , ”Adolat” sotsial demokratik partiyasi guruhi nomidan Manzura Salimova, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi nomidan Robaxon Maxmudova, O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi guruhi nomidan Zokirjon Zoxidov, O’zbekiston Ekologik partiyasi deputatlik guruhi nomidan Muhammadali Mahmudovlar so’zga chiqdilar va Farg’ona viloyati hokimligiga tavsiya etilgan Shuhrat G’aniyev nomzodini qo’llab-quvvatladilar.
Shuhrat Madaminovich G’aniyev Farg’ona viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlandi.
So’zga chiqqan Sh.G’aniyev bildirilgan yuksak ishonch uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xalq deputatlari Farg’ona viloyati kengashi deputatlariga minnatdorchilik bildirdi. Bor kuch va bilimini Vatan ravnaqi, xalq farovonligi yo’lida safarbar qilib fidoilik va sadoqat bilan xizmat qilishga va'da berdi.
Oliy Majlis Senati azoligiga Farg’ona viloyatidan saylovni shu yil 17 yanvar kuni o’tkazish haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilingan edi.
O’zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari Qo’shma majlisi Maslahat Kengashi a'zoligiga nomzodni tavsiya etishi ko’zda tutilgan.
Kun tartibidagi so’nggi masala muhokama qilinib, maslahat Kengashi a'zoligiga 2-Mirzo Ulug’bek saylov okrugidan deputat, viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev va 16-Nodirabegim saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Shavkat Ermatov nomzodlari tasdiqlandi.
Shu bilan oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Farg’ona viloyati Kengashining birinchi sessiyasi o’z ishini yakunladi.
Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati