Joriy yilning 7–15-dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan 5-Osiyo yoshlar Paraosiyo o‘yinlari katta muvaffaqiyatlar bilan yakunlandi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasi 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza, jami 197 ta medal bilan, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Sportchilar safida sport maktabining para taekvondo bo‘limi tarbiyalanuvchisi, bag‘dodlik Fayozbek Valijonov ham munosib ishtirok etdi. U 58 kg vazn toifasida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal sohibiga aylandi.
Bugun Bag'dod tumani hokimi G‘anijon Soliyev, sportchilar hamda ko‘plab mahalladoshlar Fayozbekni tantanali kutib olish marosimida ishtirok etdi.
— Fayozbekning bu yutug‘i nafaqat Bag'dod tumani, balki butun yurtimiz yoshlariga katta ibratdir. Bunday natijalar ortida mehnat, matonat va yuksak iroda mujassam, — dedi tuman hokimi.
Shundan so‘ng sportchiga milliy chopon va do‘ppi kiydirilib, qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.