Bag‘dod tumanida Mahalla tizimi xodimlari kuni keng nishonlandi
Bugun Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan sohada samarali mehnat qilayotgan, tizim rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan hamda yurt taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan barcha xodimlar uchun tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Bag‘dod tumani hokimi G‘anijon Soliyev, tuman prokurori Akmaljon Muxtarov hamda tuman IIB boshlig‘i Faxriddin Hayitov soha vakillarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekanini, ularning fidoyiligi va aholi farovonligini ta’minlashdagi ulkan hissasini alohida e’tirof etib, samimiy muborakbod etdilar.
Joriy yilning 1-choragi yakunlariga ko‘ra, barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan faol mahalla raislariga 20 million so‘mdan vaucherlar topshirildi.
Bag‘dod tumanidagi 56 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholining barcha qatlamlarini qamrab olish, ularning manfaatlarini himoya qilish hamda munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida keng imkoniyatlar yaratilgani alohida e’tiborga loyiqdir. Ushbu islohotlarning eng quyi bo‘g‘inida samarali ijrosini ta’minlash esa mahalla xodimlarining sharafli va mas’uliyatli vazifasi hisoblanadi.
Bayram davomida to‘kin dasturxon atrofida samimiy suhbatlar qurildi. Madaniyat bo‘limi san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Xususan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist To‘lqinjon Haydarov hamda xonanda Elyorbek Mahmudovning dilbar taronalari ishtirokchilarga yuqori kayfiyat ulashib, ularni raqsga chorladi.
Bugun ko‘rsatilgan e’tibor va e’tirof davlat xizmatchilarining kelgusida yanada yuqori natijalarga erishishiga ilhom bag‘ishlashiga ishonch bildirilmoqda.
Ko‘tarinki ruhda, madaniy chiqishlar va dilbar qo‘shiqlar bilan o‘tgan bayram tadbiri mahalla xodimlarining jipsligi va hamjihatligini yana bir bor namoyon etdi.