Bag‘dod tumanida “Bolajon orzusi” nomli 63-son Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etilib, Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirildi.
“Cho’lyunus” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 90 o‘rinli mazkur maskan hudud aholisi orzusi edi.
Tashkilotning ochilish marosimida tuman hokimi o‘rinbosari Qahramonjon Mirtazaqulov, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri (v.v.b.) N. Mamatusmonova, jamoatchilik faollari, ota-onalar hamda tarbiyachilar ishtirok etishdi.
— Ushbu muassasa cho’lyunusliklar uchun munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi. Endi jajji bolajonlar barcha sharoitlari yaratilgan, zamonaviy jihozlangan bog‘chada sifatli ta’lim-tarbiya oladilar, — dedi so‘zga chiqqanlar.
Bog‘cha mashg‘ulot xonalari, yotoqxona, oshxona bolalarning qulayligi uchun zarur mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, bolajonlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun turli o‘yin maydonchalari va o‘quv-uslubiy vositalar ham yaratilgan.